Blog

Buyuk davlat raxbari, sarkarda, sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun munosabati bilan yig‘ilish

Ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.To‘xtaeva so‘zga chiqib, kuyidagilarni aytdi:
Sohibqiron Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay 1336 yil 9 aprelda Keshning (hozirgi SHahrisabz,) Xo‘ja Ilg‘or (YAkkabog‘ tuman) qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi Amir Muhammad Tarag‘ay bahodir jangchi, ilm ahliga ishtiyoqmand kishi bo‘lgan. Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun Jahongir, Amir Temurning — turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarni yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi. Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, CHingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, CHingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li CHig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in’om qilgan. Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360-1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386-1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi. 1360-yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongunicha, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi. Amir Temur taxtga o‘tirgach, CHig‘atoy ulusining barcha erlariga o‘zini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi erlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysini, Xorazmni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron so‘nggi yillarda Eron, Iroq, Kavkaz mamlakatlari, Hindiston, Oltin O‘rda va Turkiya bilan bo‘lgan janglarda g‘olib chiqib, saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, g‘arbda — O‘rta er dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi. Temur faoliyatida muayyan siyosiy yo‘l — mayda feodal hukmronligini tugatish, muhim xalqaro karvon yo‘llarida ustunlik qilib turgan Oltin O‘rda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini engib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini ta’minlay oladigan markazlashgan davlat tashkil etish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta’minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e’tibor berdi. Amir Temurning har bir harbiy yurishiga turtki bo‘larlik sabab bor edi. Bu sabablar — o‘z davlatining chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yo‘llarini turli yo‘lto‘sarlardan tozalash, xiyonatchi, sotqin, aldamchilarni jazolash, bo‘ysunmaganlarni itoat ettirish, o‘zining siyosiy ta’sirini kengaytirish kabilardan iborat bo‘lganligini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Masalan, Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi yurishi, Temur To‘xtamishxonga ko‘p iltifotlar, yordamlar ko‘rsatib, 1379 yilda Urusxonni engib, Oq O‘rda taxtiga To‘xtamishxonni o‘tqazgan. Ammo To‘xtamishxon Amir Temurning umidlarini puchga chiqargan.

U Movarounnahrga bir necha bor talonchilik niyatida bostirib kirganidan so‘ng, Temurda ham unga qarshi kurashish majburiyati vujudga kelgan va 1395 yil 15 aprelda Amir Temur bilan To‘xtamishxon o‘rtasida hal qiluvchi hayot-mamot jangi boshlangan. Jang faqat To‘xtamishxonning taqdirini hal qilib qo‘yaqolmay, balki butun Oltin O‘rda taqdirini ham hal qildi. Tarix Temur zimmasiga Oltin O‘rdadek qudratli mo‘g‘ul imperiyasining asosini emirishdek ulkan vazifani qo‘ygan ekan, Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va SHarqiy Evropa xalqlarini mo‘g‘ullar asoratidan xalos bo‘lishlariga yo‘l ochib berdi. Yirik rus olimi A. YU.YAkubovskiy: «Temurning To‘xtamish ustidan qozongan bu g‘alabasi nafaqat Markaziy Osiyo va SHarqiy Ovro‘pa, balki Rusiya uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi», deb yozdi. Nemis olimi F. SHlosser o‘zining «Jahon tarixi» (III-tom) asarida: «Baxtiyor jangchi, jahongir, uzoq SHarqda qonunshunos bo‘lish bilan birga o‘zida, Osiyoda kam uchraydigan taktik va strategik bilimlarni ifodaladi», deb yozsa, atoqli nemis olimi va tarixshunosi M. Veber: «Temur o‘z dushmanlariga nisbatan juda berahm edi, lekin sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi», deb ta’riflaydi. SHuningdek, «Temur tuzuklari»da ham Temurning jamiyatga, ijtimoiy-siyosiy hayotga qarashi, birlashgan qudratli davlatning siyosiy va axloqiy qoidalari haqida gap boradi. SHaharlar va shahar atrofi aholisidan na jon solig‘i va na boj olinardi. Birorta ham askarning doimiy turish uchun shaxsiy kishilar uyini egallashga yoki fuqarolarning molini va boyligini o‘zlashtirib olishga haqqi yo‘q edi. «Barcha ishlarda, — degan edi Amir Temur,— bu ishlar qaysi o‘lka xalqiga taalluqli bo‘lmasin, hokimlarning adolat tomonida qattiq turishlariga buyruq berilgan. Qashshoqlikni tugatish maqsadida boshpanalar tashkil qildimki, kambag‘allar ulardan nafaqa olib turardilar». Bundan tashqari, Temurning soliqlar haqidagi qoidasi juda muhim ahamiyatga egadir. Temur yozadi: «Soliqlar yig‘ishda xalqni og‘ir ahvolga solishdan yoki o‘lkani qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Negaki, xalqni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu esa, o‘z navbatida hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi…» «Temur tuzuklari»ni inglizchadan fransuz tiliga tarjima qilib, 1787 yilda nashr etgan fransuz olimi Lyangle, Temur haqida shunday yozadi: «Temur xon (Temur) siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va o‘z avlodlariga juda dono tizim qoldirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik va uning urushlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli engib bo‘lmaydigan ikki to‘siq — bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va to‘g‘ri baholashimizga xalaqit berib keldi». SHuni alohida ta’kidlash lozimki, Amir Temur davlat, jamiyat hayotida bo‘lib o‘tadigan har bir muhim reja oldidan kengash o‘tkazar va bu kengashga nafaqat davlat arboblari, sarkardalar, temurzodalarni, balki sayidlar, shayxlar, ilm-fan arboblarini ham taklif etgan va o‘zining har bir yurishi oldidan bunday kengashlarni o‘tkazib turishni odat tusiga kiritgan. Tarixiy manbalardan ko‘rinishicha, Movarounnahrda mo‘g‘ullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham ko‘zga ko‘rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Temuriylar davrida juda ko‘p me’moriy obidalar bunyod etilgan. SHuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yo‘lida suv omborlari, to‘g‘onlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi erlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko‘tarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san’atini taraqqiy ettirgan.

Amir Temur ilm-fan, ma’naviyat ahliga e’tibor, mehribonlik ko‘rsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, «Temur olimlarga mehribon, sayidu shariflarni o‘ziga yaqin tutgan. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatgan. Amir Temur saroyida ko‘plab ilm-ma’rifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono SHamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nu’moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand bo‘lib, uning xizmatida bo‘lganlar. Amir Temur ilm-fanning barcha turiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: «Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. CHunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi». Uning Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, boshqacha aytganda, o‘sha vaqtda ko‘proq ma’lum va mashhur bo‘lgan Evropa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatish va uni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini fransuz va ingliz qirollarining unga yozgan maktublari bilan dalillash mumkin. Manbalarda sohibqiron Amir Temur — yorqin xislatlarga ega ekanligi, xotirasi o‘tkir, shijoatli va qat’iyatli, bir so‘zli, zo‘r ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida ta’riflanadi.