Prezidentimizning o‘tgan yil 18 dekabrda qabul qilingan “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tibbiy-profilaktika sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini keng targ‘ib etish borasida tizimli vazifalar belgilandi.
Xususan, ushbu yo‘nalishda 2019 – 2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Kontseptsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning25 yanvaridan 25 fevraligacha Toshkent shahrida “Sog‘lom hayotga qadam tashla!” aktsiyasi o‘tkazilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu haqda mazkur aqtsiya oldidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Bir oy davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur aktsiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnabod, Yunusobod va Shayxantohur tumanlarining jamoat joylarida bo‘lib o‘tadi. Hududlardagi “Korzinka” supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda – “Salomatlik maydonchalari”, hududlarda uyushmagan yoshlar bilan “Salomatlik darslari”, ta’lim muassasalarida “Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” aktsiyalari, alkogolь va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini rag‘batlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish bo‘yicha ommaviy reydlar olib boriladi. Shuningdek, bu erda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, joylardagi o‘quv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida ma’ruzalar qilishadi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, yuqumsiz kasalliklar mamlakatimiz aholisi salomatligi ko‘rsatkichiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida me’yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari mo‘l-ko‘l etishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot iste’moli etarli emas. Ushbu muammolar tufayli O‘zbekistonda yillik o‘lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, sog‘lom turmush tarziga rioya etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etayapti.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *