Qish tabiatning eng go‘zal fasllaridan biridir. Yurtimizda kumush qish boshlanganiga ham ancha bo‘ldi. U o‘zining bayramlarga boyligi, oppoqligi va sofligi bilan barchaga birdek yoqsa-da, havo sovushi bilan ko‘pchilikni bir muammo tashvishga sola boshlaydi – bu uyni issiqroq qilish. Kimnidir suvli isitish tizimining issiqligi qoniqtirsa, kimdir qo‘shimcha isitishga ehtiyoj sezadi va bu masalani har kim o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda hal etishga kirishadi.

Oshxonadagi gaz plitalari, duxovka pechlarini yoqib qo‘yish, qo‘lbola isitgichlar, pechьlardan foydalanish – xonadonlarni sovuqdan asrashda keng foydalanadigan usullardan bo‘lib qolgan. Ammo aynan mana shu kabi uskunalar, ularning nosozligi, xususan, pechь mo‘rilarining noto‘g‘ri ishlashi va ulardan to‘g‘ri foydalanishni bilmaslik har yili qanchadan-qancha odamlarning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Indamas kushanda

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabariga ko‘ra, respublikada so‘nggi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq.

Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, ko‘p uchraydigan zaharli birikma tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi, chala yonishi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida 50-60% gacha is gazi bo‘ladi. U havodan engilroq bo‘lib, xonaning shiftiga ko‘tariladi. Agar ventilatsiya quvurlari ochiq bo‘lsa, quvurlar orqali chiqib ketib, zarar keltirmaydi. Lekin ko‘pchilik sovuq kirmasin deya hamma havo kirishi, chiqishi mumkin joylarni iloji boricha jipsroq qilib yopib tashlashga harakat qiladi. Buning oqibatida xonada is gazi to‘planib, zaharlanishga va hatto o‘limga olib kelishi hech gap emas. Biz nafas olayotgan havo tarkibida 0,01% is gazining bo‘lishi kishini o‘limga etaklashi hech gap emas. U organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etib, gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyatining pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada gipoksiyaga, og‘ir zaharlanganda anoksiyaga (organizm yoki alohida a’zolar, to‘qimalar, qonga kislorod etib kelmasligi) olib keladi. Natijada inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Zaharlanganda birinchi yordam

Zaharlanishning dastlabki belgilari holsizlik, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, ko‘ngil aynish, qayt qilish va uyqu bosishidir. Ba’zida, aksincha, qisqa muddat mobaynida harakatchanlik ortadi. Keyin harakatlarning falajlanishi, alahsirash, gallyutsinatsiya, hushdan ketish, talvasa, koma va nafas organlarining paralichi natijasida o‘lim holati yuzaga keladi. Zaharlanish oqibatida hodisadan 2-3 hafta o‘tgach ham o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.

Zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur, nafas olishi to‘xtab qolgan bo‘lsa, sun’iy nafas beriladi. Bemorning badanini ishqalash, oyoqlariga grelka qo‘yish, qisqa vaqt nashatir spirt bug‘larini hidlatish (nashatir spirti bemor burnidan kamida 1 sm uzoqlikda shimdirilgan paxta yoki marlida bo‘lishi shart, aks holda spirtning o‘tkir hidi bemorni paralich holatiga olib kelishi xavfi mavjud) zaharlanish oqibatlarini engillashtirishga imkon beradi. Zaharlanib qolgan kishilar zudlik bilan kasalxonaga olib borilishi kerak, chunki keyinroq o‘pka va asab tizimida og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin. Agar bemor xushida bo‘lsa, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi, issiq choy qahva ichiriladi. Har qanday is gazidan zaharlanish darajasida ham bemorlar shoshilinch holda reanimatsiya yoki toksikologiya bo‘limiga yotqiziladi. Kasalxonadan chiqqan bemorlar terapevt va nevropatolog kuzatuvida bo‘lishi shart. Aks holda keyinchalik ham zaharlanish alomatlari yuzaga chiqishi mumkin. Shunday ekan, gazdan foydalanish va isitish asbob-jihozlarini ishlatishda beparvo bo‘lmang! Ozgina ehtiyotsizlik tufayli sog‘ligingizga, mol-mulkingizga o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotiga xavf tug‘dirib qo‘yishingiz mumkinligini aslo unutmang!

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *