Avval xabar berganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan poytaxtimizning qator tumanlarida “Sog‘lom hayotga qadam tashla!” aktsiyasi o‘tkazilmoqda. Mazkur aktsiyaning navbatdagi tadbirlari poytaxtimizdagi Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Shayxontohur tumanining “Huvaydo” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Salomatlik maydonchalari” tadbirida ham hududdagi 45-oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan keksalar, yosh bolali ayollar, mahalla faollari hamda o‘smir-yoshlar ishtirokida maxsus antropometrik o‘lchov va sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga doir so‘rovnomalar o‘tkazildi. Bunda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, maxsus so‘rovnomalar to‘ldirildi. So‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, salomatlik ko‘rsatkichlari aniqlanib, mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.Ma’lumki, yurak qon-tomir kasalliklari, insulьt, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sabab dunyoda nogironlik va o‘lim ortib bormoqda. Bu kasalliklar kelib chiqishiga asosan nosog‘lom turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, chekish, ichish kabi salbiy illatlarga berilish, jismoniy faol bo‘lmaslik asosiy sabab bo‘lmoqda. Ushu muammoning oldini olishda aholi orasida tibbiy madaniyat va bilimni oshirish muhim o‘rin tutadi. Poytaxtimizning 45-oilaviy poliklinikasida “E’zozli ayollar” sportsevarlar guruhi tashkil etilishi ham ayni shu maqsadga xizmat qiladi. Bu erda ayollar sport bilan shug‘ullanishi uchun maxsus xona ajratilib, zarur sport anjomlari bilan ta’minlangan. To‘garakda oilaviy poliklinika hamshiralari sport mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.

— Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish maqsadida qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom hayotga qadam tashla” aktsiyasini o‘tkazib kelmoqdamiz, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish Bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Barno Odilova. — Xususan, poytaxtimizdagi ikkita tumanda “Salomatlik maydonchalari” tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, Shayxontohur tumanidagi “Huvaydo” mahalla fuqarolar yig‘inida hamda hududdagi 45-oilaviy poliklinikalarda Yunusobod tumanidagi “Korzinka” supermarketlarida hudud aholisi uchun tibbiy ko‘rik va maxsus so‘rovnomalar tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan suhbatlar o‘tkazildi. Aktsiyaning birgina “Korzinka” supermarketida qariyb 100 nafar dan ziyod fuqarolar o‘z ixtiyori bilan ishtirok etish taklifini bildirishgani quvonarli albatta. Bunday tadbirlarni kelgusida respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Maqsad sog‘lom muhitni yaratish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik natijasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olishga erishishdir. 

Aktsiya doirasida tashkil etilgan tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elьmira Basitxanova, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens ishtirok etdi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *